Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Prezidenti va Italiya Bosh vaziri ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar



Rim shahridagi rasmiy tadbirlar dasturiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kiji saroyida Italiya Respublikasi Vazirlar kengashi Raisi Jorja Meloni bilan muzokara o‘tkazdi.

Davlatimiz rahbari Italiya zaminida ko‘rsatilayotgan samimiy mehmondo‘stlik uchun dildan minnatdorlik bildirdi.

Italiya O‘zbekistonning Yevropadagi muhim va ishonchli sherigi ekani, keyingi yillarda siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, energetika, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik faollashgani qayd etildi.

Bugun strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilgach, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar misli ko‘rilmagan yuksak darajaga chiqdi. Ushbu, hech mubolag‘asiz, tarixiy voqea O‘zbekiston-Italiya ko‘p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirishda yangi muhim bosqichning boshlanishidir.

Bosh vazir Jorja Meloni Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas demokratik yangilanishlar va iqtisodiy islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini va ularning muvaffaqiyatiga ishonishini bildirdi.

Yetakchilar munosabatlarni ustuvor yo‘nalishlarda yanada mustahkamlash istiqbollarini batafsil muhokama qildilar.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish asosiy vazifa ekani ta’kidlandi. O‘zaro savdo va investitsiyalar hajmi keyingi yillarda ikki barobar ko‘paydi. Metallurgiya, energetika, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasi loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Kuni kecha o‘tgan biznes forumi davomida jami 9 milliard yevrodan ziyod qiymatga ega investitsiyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi.

Amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini hisobga olib, tomonlar texnologik va innovatsion sheriklik bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surish muhimligini qayd etdilar.

Ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rag‘batlantirish zarurligi ta’kidlandi.

Madaniyat, italyan tilini o‘rganish, ta’lim va turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish uchun katta salohiyat borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bosh vazir O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda sheriklik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonch muhitini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi hamda “Italiya – Markaziy Osiyo” hamkorlik formatini yanada rivojlantirishga chaqirdi.

Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashilar ekan, afg‘on xalqiga insonparvarlik yordamini ko‘rsatishni, shu jumladan Termiz shahridagi logistika markazi imkoniyatlaridan foydalangan holda davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiya Bosh vaziri Jorja Melonini tashrif bilan mamlakatimizga kelishga taklif etdi.



  ...