Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-may kuni Toshkent shahri Chilonzor sanoat zonasidagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi.
Mazkur sanoat hududida bugungi kunda 510 ta korxona bo‘lib, yana ko‘plab yangilari tashkil etilmoqda.
Xususan, oziq-ovqat korxonasida yiliga 7 ming tonna mahsulot, shu jumladan 10 turdagi chips tayyorlanmoqda. Yaqinda loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilib, mahsulotlar turi kengaytiriladi.
Mebelsozlik tarmog‘idagi korxonada yiliga 2 million metr kvadrat yog‘och panellar ishlab chiqarilmoqda. Ularning katta qismi import o‘rnini bosishi bilan ahamiyatli.
Funksional oziq-ovqatlar kombinatida yiliga 5 million quti yodlangan qandolat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Ularning 30 foizini eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari ushbu korxonalarning ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Ularning har biri tegishli tarmoqlarda o‘ziga xos yo‘nalishni tanlaganiga e’tibor qaratib, barcha hududlarda shunday korxonalarni ko‘paytirish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi. Yodning aholi salomatligi uchun muhimligini inobatga olib, mamlakatimizda yod bilan boyitilgan oziq-ovqatlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Shu yerda Chilonzor tumanida sanoatni rivojlantirish rejalari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.
- Chilonzor tumanida juda katta infratuzilma, bo‘sh turgan binolar, kafolatlangan energiya resurlari bor. Faqat tadbirkorlarga mablag‘ berib, xorijiy texnologiyalar olib kelib, Chilonzorni industriya xabiga aylantirish kerak, - dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari iqtisodiy loyihalar ijtimoiy sohada ham natija keltirishi zarurligiga alohida to‘xtaldi. Tadbirkorlarga ko‘mak berib, faoliyatini kengaytirib, mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligiga hissa qo‘shish zarurligini ta’kidladi. Bu borada boshlangan yangi dasturdan foydalanib, tumandagi 3 ming kambag‘al va 10 ming ishsiz fuqaroni ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Prezidentimiz Chilonzor tumanidagi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasini ham ko‘zdan kechirdi.