Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Prezidenti YOIIning yubiley sammitida ishtirok etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-may kuni videoaloqa orqali Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining o‘ttizinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari ushbu integratsiyaviy birlashma sammitlarida O‘zbekiston 2020-yilda kuzatuvchi maqomini olganidan buyon an’anaviy ravishda ishtirok etib kelmoqda.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin raisligida o‘tgan bu galgi uchrashuvda Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan, kuzatuvchi davlat rahbari sifatida Kuba Respublikasi Prezidenti Migel Dias-Kanel hamda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’ati raisi Mixail Myasnikovich qatnashdi.

Taklif etilgan davlat rahbarlari sifatida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon ham ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida O‘zbekiston YOII huzuridagi kuzatuvchi davlat sifatida birlashma doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarda faol ishtirok etayotganini qayd etdi.

Savdo munosabatlarini kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, yangi o‘sish nuqtalari va imkoniyatlarni izlash bo‘yicha birgalikda ish olib borilmoqda. 2022-yilda O‘zbekistonning YOII mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 23 foizga ko‘paydi. Barqaror o‘sish sur’ati joriy yilda ham kuzatilmoqda.

Sanoat kooperatsiyasi sohasida keyingi yillarda mamlakatimizning ustuvor tarmoqlarida yuzlab qo‘shma loyiha va korxonalar ishga tushirildi

Ishbilarmonlar muloqotini rag‘batlantirish uchun samarali platformalar yaratildi. Joriy yilning aprel oyida uchinchi bor Toshkentda muvaffaqiyatli o‘tkazilgan va an’anaviy tus olgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi shular jumlasidan.

Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan konstruktiv hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Uch yillik Qo‘shma reja doirasida qonunchilikni xalqaro normalarga uyg‘unlashtirish, iqtisodiyotni tartibga solish tajribasi bilan almashish, savdo-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya sohalarida to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha 200 dan ziyod tadbir o‘tkazildi.

O‘zbekiston savdo tartibotlarini soddalashtirish bo‘yicha hamda transport, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va turizm sohalaridagi alohida dasturlar va tarmoq loyihalarida ishtirok etmoqda.

– Global xavf-xatarlar, transport-logistika zanjirlarida jiddiy uzilishlar, oziq-ovqat taqchilligi va energetik xavfsizlik tahdidlari va boshqa muammolar kuchayib borayotgani mamlakatlarimiz barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining birinchi galdagi vazifalarini hal etish uchun yaqin hamkorlikni yanada muvofiqlashtirishni taqozo qilmoqda, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Davlatimiz rahbari mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo aylanmasi hajmini tubdan oshirish uchun savdo tartib-taomillarini soddalashtirish va zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirish muhimligini qayd etdi. Texnik to‘siqlarni bartaraf etish va sertifikatlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimning qabul qilinishi bunga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Prezidenti bojxona ma’muriyatchiligi, sanitar, fitosanitar va veterinar nazorat hamda tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashning elektron platformalari va onlayn tizimlarini integratsiya qilish muhimligini ko‘rsatib o‘tdi. Ushbu tashabbusni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish uchun ekspertlar darajasida batafsil maslahatlashuvlar o‘tkazish taklif qilindi.

– Yevroosiyo makonida yangi ish o‘rinlarini yaratish va industrial xablarni shakllantirishning muhim omili sifatida sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rilishi lozim, deb hisoblaymiz, – dedi Prezident.

Mamlakatimiz kooperatsiya loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘p tomonlama dasturlarda va YEOII Ishbilarmonlar kengashi faoliyatida ishtirok etishdan manfaatdor ekani bildirildi.

Muqobil transport yo‘laklarini shakllantirish va barqaror logistika zanjirlarini yaratish borasida birgalikdagi ishlarni kuchaytirish ahamiyatiga e’tibor qaratib, O‘zbekiston yetakchisi Shimol – Janub xalqaro yo‘laklarini va mintaqamizni Xitoy, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘lovchi boshqa magistrallarni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari tarif siyosati masalalarida yaqindan muvofiqlashuv zarurligini qayd etib, “O‘zbekiston – Afg‘oniston - Pokiston” temir yo‘li qurilishini amalga oshirish bo‘yicha Loyiha ofisi ishiga qo‘shilishga taklif etdi.

Oziq-ovqat xavfsizligi sohasida O‘zbekiston rahbari qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari importi o‘rnini faol bosishni rag‘batlantirish, “yashil” yo‘laklarning to‘laqonli ishlashini ta’minlash, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish va innovatsiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash hamda mamlakatlarimiz agrobiznesi vakillari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishni rag‘batlantirish takliflarini ilgari surdi.

Shu maqsadda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi vazirlari, oziq-ovqat mahsulotlarining yetakchi ishlab chiqaruvchilari va importchilari ishtirokida “YOII plyus” formatida Agrar forumni o‘tkazish taklifi ilgari surildi.

Yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, oliy ta’lim muassasalari va professional ta’lim markazlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlari qayd etildi. Muhandislik-texnik ixtisosliklar bo‘yicha talab yuqori bo‘lgan kadrlarni birgalikda tayyorlash yuzasidan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish taklif etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti so‘zining yakunida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi yakunlari YOII mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, shakl va mexanizmlarini rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.



  ...