Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Kambag‘allikni qisqartirishga bag‘ishlangan II xalqaro forum ishtirokchilariga



Hurmatli forum ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

O‘zbekiston zaminida ikkinchi bor o‘tkazilayotgan kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha xalqaro forumda ishtirok etayotgan Siz, aziz mehmonlarni samimiy qutlab, barchangizga o‘zimning chuqur hurmat va ehtiromimni izhor qilaman.

Hozirgi tahlikali dunyoda kambag‘allikni qisqartirish masalasi oldimizdagi eng muhim vazifalardan biri ekanini barchamiz yaxshi anglab turibmiz. Bu muammoga ilg‘or tajriba va yangi yondashuvlar asosida birgalikda yechim topish hamda ularni hayotga izchil tatbiq etish bugun har qachongidan ham dolzarbdir.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbus doirasida o‘tkazilayotgan mazkur anjuman kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan yangi g‘oyalar va amaliy choralar ishlab chiqish bo‘yicha foydali xalqaro muloqot maydoniga aylandi, deb aytishga barcha asoslar bor.

Ushbu platforma mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish maqsadida boshlagan ulkan islohotlarimizni yanada boyitib, katta ijobiy o‘zgarishlarga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Buning yaqqol misoli sifatida o‘tgan bir yilda mamlakatimizda kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga pasayib, 1 million fuqaro kambag‘allikdan chiqarilganini alohida ta’kidlash lozim.

Bunday natijalarga erishishimizda aholini zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish, ularga munosib ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli
va uzoqni ko‘zlagan siyosatimiz hal qiluvchi omil bo‘lmoqda.

Mahallalarda ijtimoiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish orqali mamlakatimizdagi 2 million 300 mingdan ziyod muhtoj oilalar, xotin-qizlar, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar ijtimoiy himoya bilan to‘liq qamrab olindi.

Tariximizda birinchi marta umumxalq referendumi orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada O‘zbekiston ijtimoiy davlat, deb e’lon qilinib, inson qadrini yanada ulug‘lash va aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha davlatning konstitutsion majburiyatlari alohida muhrlab qo‘yildi.

Shu bois, kambag‘allikni qisqartirish borasida boshlagan keng ko‘lamli ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqib, bundan buyon ham barcha yo‘nalishlarda “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida islohotlarni qat’iy davom ettiramiz.

Eng avvalo, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirishning “drayveri” bo‘lgan xususiy sektor va tadbirkorlik uchun eng qulay sharoitlarni yaratib berish, ularni izchil qo‘llab-quvvatlash doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Xususan, ishsiz fuqarolarni o‘qitish va ishga joylash tashabbusini bildirgan faol tadbirkorlarga “ijtimoiy kontrakt” tizimi asosida qo‘shimcha imtiyozlar paketi taqdim etiladi.

Ikkinchidan, “ijtimoiy reyestr” tizimi doirasida kambag‘al oilalarni individual yondashuv asosida manzilli qo‘llab-quvvatlash dasturlarini jadal davom ettiramiz.

Uchinchidan, davlatning ijtimoiy majburiyatlarini to‘liq amalga oshirish maqsadida nogironligi bo‘lgan shaxslar, xotin-qizlar, nuroniylar, alohida e’tiborga muhtoj aholi qatlamlariga mahallaning o‘zida yuzdan ortiq ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

To‘rtinchidan, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash maqsadida aholi o‘zi tanlagan loyihalarga “ochiq budjet” tizimi orqali ajratilayotgan mablag‘lar hajmi keskin ko‘paytiriladi.

Beshinchidan, inson kapitalini rivojlantirish uchun har bir shaxsning sifatli ta’lim va tibbiyot xizmatlaridan foydalanish huquqlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ishlarimizni tobora kengaytiramiz.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Bugungi forumga nufuzli xalqaro tashkilotlar va hamkor davlatlardan 100 dan ortiq taniqli ekspertlar tashrif buyurgani ushbu masalaga qiziqish va e’tibor nechog‘liq katta ekanini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Albatta, O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha o‘z oldiga qo‘ygan yuksak marralarni amalga oshirishda jahon hamjamiyati bilan olib borayotgan yaqin hamkorligini davom ettirishdan manfaatdordir.

Forum doirasida ishlab chiqilgan yangi yondashuvlar va ta’sirchan yechimlar kelgusida amaliy hayotga samarali tatbiq etiladi, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam sog‘liq, sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda omadlar, anjuman ishiga esa katta muvaffaqiyatlar tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti



  ...