Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston va Xitoy yetakchilari har tomonlama strategik sheriklikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi 18 may kuni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan ikki tomonlama muzokaralardan boshlandi.

Uchrashuv ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida Sian shahridagi “Shensi” qarorgohida o‘tdi.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin dastlab davlatimiz rahbarini samimiy qutlab, mamlakatimizda Konstitutsiyani yangilash bo‘yicha umumxalq referendumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan dildan tabrikladi va O‘zbekistonda bo‘lajak Prezident saylovida katta muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, o‘z navbatida, Xitoyga davlat tashrifi bilan kelish taklifi va ko‘rsatilayotgan iliq mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi. Xitoy rahbarini muhim siyosiy tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani hamda oliy davlat lavozimlariga qayta saylangani bilan samimiy tabrikladi.

O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarining yangi davrida dolzarb bo‘lgan masalalar batafsil muhokama qilindi.

Erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilayotgani, barcha darajalardagi o‘zaro aloqalar jadal tus olgani, siyosiy muloqot mustahkamlanib borayotgani va muhim masalalarda tomonlar bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

Kambag‘allikni qisqartirish, shu jumladan qishloq xo‘jaligi, yerdan foydalanish, kichik va o‘rta biznes, infratuzilmani modernizatsiya qilish, tibbiy xizmat sifatini oshirish va professional ta’lim sohalarida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishda samarali tajriba almashish va amaliy choralar ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi.

Savdo-iqtisodiy sohada o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari batafsil ko‘rib chiqildi. Bu, eng avvalo, zamonaviy sanoat quvvatlarini barpo etish, investitsiyaviy va yuqori texnologik korxonaalarni tashkil etish borasidagi qo‘shma loyihalarni nazarda tutadi.

Kuni kecha o‘tkazilgan biznes-forum yakunida umumiy qiymati 25 milliard dollarlik istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bitimlar imzolandi va kelishuvlarga erishildi.

Muqobil energetikani rivojlantirish bo‘yicha quyosh, shamol va suv elektr stansiyalarini barpo etish, quyosh panellari, elektr uskunalar, transformatorlar, akkumulatorlar ishlab chiqarish, boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish va mutaxassislarni tayyorlash borasidagi loyihalardan iborat investitsiyaviy-texnologik hamkorlik dasturini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Yangi avlod avtomobillarini ishlab chiqarish sohasidagi kooperatsiyani kengaytirish – elektr va gibrid avtotransport vositalarini yig‘ish bo‘yicha zamonaviy zavodlarni ishga tushirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Turdosh tarmoqlardagi loyihalarni ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi. Xususan, mis, litiy, nodir metallarni chuqur qayta ishlash asosida elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yuqori texnologik klasterni barpo etish shular jumlasidan.

Bundan tashqari, plastmassalar, kimyoviy mahsulotlar, metall buyumlar, oziq-ovqat, qurilish materiallari, tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, biotexnologiyalar klasterini tashkil etishda hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirishdan mamlakatlarimiz manfaatdor ekani ta’kidlandi.

Xitoyning yetakchi banklari va “Ipak yo‘li” fondi, shuningdek, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki banki bilan samarali moliyaviy-texnik hamkorlikning bugungi darajasi yuksak baholandi.

Ikki mamlakat hududlarining hamkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, shu jumladan Sirdaryo viloyatini “Ilg‘or texnologiyalar hududi”ga aylantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar belgilab olindi.

Faol muloqotlar va aviaqatnovlar qayta tiklanishini hisobga olib, joriy yilda O‘zbekistonda ikki mamlakat shahar va hududlarining birinchi forumini o‘tkazish masalasi o‘rganiladi.

Keyingi yillarda ikki baravarga ko‘paygan o‘zaro tovar ayirboshlashni oshirish uchun maqsadli ko‘rsatkichlar va tovarlar tarkibi belgilab olindi.

“Xitoy – Qirg‘iziston - O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlarni tez fursatda boshlash muhimligi qayd etildi.

Gumanitar soha muhokama qilinar ekan, ta’lim va turizmda hamkorlikni faollashtirish, o‘zaro madaniyat, san’at va kino kunlarini o‘tkazish, an’anaviy tibbiyot, ko‘z va boshqa turdagi kasalliklarni davolash, vaksina va farmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqarish borasidagi dasturlarni amalga oshirish zarurligi haqida yakdil fikr bildirildi.

Mintaqaviy kun tartibi va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Uchrashuv har doimgidek ishonch, ochiqlik va do‘stlik ruhida o‘tdi. O‘zbekiston yetakchisi Xitoy rahbarini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi. Taklif minnatdorlik bilan qabul qilindi.



  ...