Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Yangilangan Konstitutsiyani hayotga joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, sud va ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda jamoatchilik faollari bilan muloqot qildi. Unda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qilish bo‘yicha shu yil 30-aprelda bo‘lib o‘tgan referendum yakunlari haqida so‘z bordi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida yangilangan Konstitutsiyamizda barcha qatlam manfaatlari inobatga olinganligi, uni ishlab chiqishda aholi faol ishtirok etganligi hamda referendum orqali qabul qilinganligi ushbu hujjatning chinakam xalq Konstitutsiyasi bo‘lganidan dalolat ekanligini ta’kidladi.

– Konstitutsiyamiz loyihasini muhokama qilishdan boshlab to uni qabul qilguncha bo‘lgan davrda o‘tkazilgan umumxalq muhokamalarida millionlab yurtdoshlarimiz faol ishtirok etdilar. Shu nuqtai nazardan qaraganda, yangilangan Konstitutsiyamizning chinakam muallifi xalqimiz bo‘ldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. Eng muhimi, endi islohotlarimiz yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz, “inson – jamiyat – davlat”, degan yangi tizim asosida faqat va faqat oldinga qarab boramiz, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Dunyoda kundan-kunga yangi sinovlar, xavf-xatar va tahdidlar paydo bo‘layotgan vaziyatda Konstitutsiyada O‘zbekiston “suveren davlat” sifatidagi maqomini mustahkamladi.

– Shunday murakkab vaziyatda, har bir ishimizda, qabul qilayotgan barcha qonun va qarorlarimizda faqat va faqat xalqimiz, Vatanimiz manfaatlari eng ustuvor o‘rinda turishi shart, – dedi davlat rahbari.

Yangilangan Konstitutsiyada O‘zbekiston “ijtimoiy davlat” degan tamoyil muhrlanib, davlatning bu sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq normalar 3 baravarga oshdi.

– Bu raqamni aytish oson, lekin uni amalda ta’minlash uchun juda ko‘p ishlashimiz zarur. Bunga davlat budjetidan har yili qo‘shimcha 30-40 trillion so‘m ajratish kerak bo‘ladi. Buning hisobidan, har yili yuzlab yangi bog‘chalar, maktab va shifoxonalar qurishimiz lozim.

Yoshlar siyosatini, ta’lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirishni ustuvor vazifa sifatida yuqori bosqichga ko‘tarish bo‘yicha ham yangi imkoniyatlarni safarbar etamiz.

Nuroniylar, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan insonlar, alohida e’tiborga muhtoj aholi qatlamiga ijtimoiy xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytiramiz. Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdorini muntazam oshirib boramiz, – dedi Prezident.

Konstitutsiyada O‘zbekiston “huquqiy davlat” degan tamoyil ham qat’iy qilib belgilanib, inson huquq va erkinliklari borasidagi normalar 3 baravarga ko‘paytirildi.

Shaxsni sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turish mumkin emasligi, odamlarning huquq va erkinliklarini cheklash bilan bog‘liq barcha harakatlarga faqat sud qarori asosida yo‘l qo‘yilishi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarning “sukut saqlash” huquqi mustahkamlandi.

“Inson qadri uchun” tamoyili Konstitutsiyada, qonunlarimizda va davlat idoralari faoliyatida bosh mezon bo‘lishi shartligi, insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi, hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi belgilab qo‘yildi.

– Bu – avvalambor barcha sohada qonun ustuvorligi ta’minlanadi, degani. Bundan buyon, qonunlardagi noaniqliklar inson foydasiga hal bo‘ladi. Eng muhimi, “Qonun – muqaddas, har qanday holatda ham adolatni qaror toptirish shart!” degan qarash jamiyatning har bir a’zosi, ayniqsa, mansabdorlar uchun hayot qoidasiga aylanishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya O‘zbekistonning “demokratik davlat” sifatidagi maqomini ham mustahamladi.

Mamlakatimizda inson va biznesning og‘irini yengil qiladigan, ularga sifatli xizmat ko‘rsatadigan ixcham va samarali boshqaruv tizimini joriy etish maqsadida keng ko‘lamli ma’muriy islohotlar boshlanib, hukumat va vazirliklar ixchamlashdi, ish uslubi o‘zgartirildi.

– Mening eng katta niyatim – odamlarni qiynayotgan muammolarni mahallaning o‘zi hal qiladigan xalqchil tizim yaratish. Shu bois, moliya, soliq, bandlik kabi idoralarning kamida 30 foiz vakolatlarini mahalla darajasiga tushirishni reja qilganmiz, – dedi Prezident.

Yangilangan Konstitutsiya parlament faoliyatida ham muhim o‘zgarishlarni nazarda tutadi. Xususan, davlat hokimiyati tizimida bir-birini tiyib turish va muvozanatni saqlash maqsadida Oliy Majlis palatalarining vakolatlari qayta ko‘rib chiqilib, Qonunchilik palatasining vakolatlari 5 tadan 12 taga, Senatda esa, 14 tadan 18 taga ko‘paydi.

– Shu bilan birga, deputatlarimiz asosiy e’tiborni qonunlar sifatini oshirishga qaratishi, ularning ijrosini samarali tashkil etishda hukumat bilan birgalikda qattiq ishlashi kerak. Senatning faoliyati esa hududlar bilan bog‘liq masalalarni hal qilish, mahalliy kengashlarga har tomonlama ko‘maklashish, joylarda, ayniqsa, mahallalarda qonunlarning ijrosini ta’minlashga yo‘naltirilishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya millatlar, konfessiyalar o‘rtasida totuvlik va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida O‘zbekistonning “dunyoviy davlat” sifatidagi maqomini ham mustahamladi. Xalqimiz referendumda buni ma’qulladi. Shu asosida, bundan buyon ham, mamlakatimizda millatlar, konfessiyalar o‘rtasida totuvlik va xavfsizlikni ta’minlash siyosati jadal davom ettirilishi, jamiyatimizda har qanday radikallashuvga mutlaqo yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda yangilangan Konstitutsiyani hayotga joriy etish, ijrosini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilandi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni imzolangani qayd etildi.

– Bosh Qonunimizning har bir bandi va moddasini jamiyatimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun hayot qoidasiga aylantirish, bu borada ularning tushuncha va tasavvurlarini kengaytirish, har bir mahalla, ta’lim muassasasi, tashkilot va korxonalarda o‘rgatish maqsadida o‘quv dasturlari, darslik va qo‘llanmalar yaratish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari yangilangan Konstitutsiyaning 128-moddasiga muvofiq, muddatidan ilgari Prezident saylovi o‘tkazish haqida butun xalqimizga murojaat qildi.

Prezidentimiz tomonidan bunday qarorga kelish va qolgan uch yarim yillik vakolat muddatidan o‘z tashabbusi bilan voz kechish zarurati quyidagicha asoslab berildi:

birinchidan, hokimiyatning barcha bo‘g‘inlari isloh qilinib, ular o‘rtasidagi munosabat va muvozanat jiddiy o‘zgarmoqda;

ikkinchidan, yangilangan Konstitutsiyamiz Prezident, parlament, hukumat, vazirlar, hokimlar oldiga kechiktirib bo‘lmaydigan yangi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni qo‘ymoqda;

uchinchidan, xalqimiz bizdan barcha sohalarda g‘oyat muhim va dolzarb o‘zgarish va islohotlarni kutmoqda;

to‘rtinchidan, dunyoda va mintaqamizda keskin va murakkab jarayonlar hukm surayotgan hozirgi vaziyatda to‘g‘ri va samarali rivojlanish yo‘lini izlab topish va uni amalga oshirish eng o‘tkir va dolzarb masalaga aylanmoqda.

Bunday ulkan vazifalarni muvaffaqiyatli ado etish uchun yangilangan davlat hokimiyati tizimida xalqimiz o‘zi ishongan rahbarga mandat berishi maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish ishtirokchilari bu tashabbus Prezidentimizning o‘zbek xalqiga, demokratik prinsiplarga bo‘lgan cheksiz hurmati va sadoqati namunasi ekanini e’tirof etdi.

Shu bilan birga muhokamalarda muddatidan ilgari Prezident saylovini o‘tkazish davlat hokimiyatining yangilangan Konstitutsiya talablariga muvofiq zamonaviy ishlashi, xalq hokimiyatchiligi prinsipining to‘laqonli amalga oshirilishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda Konstitutsiyaviy sud rahbarlari ham so‘zga chiqib, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladilar.

Muhokama yakunida ko‘zlangan marralar qanchalik yuksak va murakkab bo‘lmasin, ularga erishish uchun bizda barcha imkoniyatlar borligi, buyuk ajdodlarimiz merosi, xalqimizning bunyodkorlik qudrati, intellektual va ma’naviy salohiyati, uning tadbirkorlik fazilati bu yo‘lda bizga kuch-qudrat manbai bo‘lishi ta’kidlandi.



  ...