Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Xitoyda 14-yanvar - Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan vatandoshlar o'rtasida futbol musobaqasi o'tkazildi



Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi tomonidan 14-yanvar - Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan o'zbekistonlik talabalar o'rtasida futbol musobaqasi tashkil etildi.

Unda 40 dan ortiq vatandoshlar ishtirok etdi. Musobaqa natijalariga ko'ra, sovrinli o'rinlarni egallagan jamoalar uchun "Elchixona kuboklari" topshirildi. Vatandoshlar e'tiboriga milliy taomlarimiz va o'zbek kuy-qo'shiqlarimiz taqdim etildi.

Vatandoshlar bilan kechgan suhbat chog'ida ularning yurtimizdagi muhim siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar tadbirlarda faol ishtirok etishlarining ahamiyati hamda faol hayotiy pozitsiyasi va fuqarolik burchining muhimligi aytib o'tildi.

Shuningdek, O'zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamdagi islohotlar va o'zgarishlar, so'nggi yillarda yurtimizda erishilgan natijalarning mazmun-mohiyati hamda xorijda ta'lim olayotgan o'zbekistonlik talabalar uchun Vatanimizda yaratilgan shart-sharoitlar haqida gapirib berildi.

Mazkur tadbir Xitoyda tahsil olayotgan o'zbekistonlik talabalar orasida ijobiy rezonansga sabab bo'ldi. "Vichat" ijtimoiy sahifasining «Elchixona futbol» va «Olg'a, O'zbekiston» kabi virtual guruhlarida vatandoshlarimiz tomonidan yozilgan izohlarda bir qator ijobiy mulohazalar, shu jumladan, bunday tadbirlarning o'tkazilishi vatandoshlarning birdamligi uchun katta ahamiyat kasb etishi ta'kidlangan.

Shimoliy Xitoy texnologiya universiteti talabasi Doniyor Ziyodullayev:

- Bugun 14-yanvar - Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan elchixonamiz tomonidan tashkil etilgan futbol musobaqasida faol ishtirok etdik. Bu kabi musobaqalar mamlakatimizdagi muhim bayramlar munosabati bilan bu yerda doimiy ravishda o'tkazilib kelinmoqda.

Vatan himoyasi bo'lish har bir er yigitning muqaddas burchidir. Shu o'rinda, barcha vatandoshlarimizni ushbu qutlug' sana bilan tabriklayman.

Xitoy xalqlar va millatlar universiteti talabasi Fayoz Ahmedov:

- Futbol bo'yicha tashkil etilgan musobaqada ishtirok etganimdan mamnunman. Bu yerda Xitoyga ta'lim olish uchun kelgan yangi vatandoshlarimiz bilan ham tanishdim va yangi do'stlar orttirdim.

Vatan qadrini chet davlatda bo'lib turgan, musofirlikda mehnat qilayotgan inson juda yaxshi his qiladi, deb o'ylayman. Biz tadbir davomida Madhiyamizni tinglab o'zgacha g'urur hissina tuydik.

Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni Vatan himoyachilari kuni va O'zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil topganining 32 yilligi bilan samimiy tabriklayman.

Pekin transport universiteti talabasi Azizjon Rizakulov:

- Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Xitoyda ta'lim olayotgan o'zbekistonlik talabalar yig'ilib futbol musobaqasida qatnashdik. Futbol musobaqasi juda qizg'in o'tdi. G'olib jamoalar maxsus kuboklar bilan taqdirlandi. Tadbir davomida o'zbek milliy kuy qo'shiqlari yangradi, milliy taomlarimizdan bahramand bo'ldik.

Bunday tadbirlar biz kabi Xitoyda bo'lib turgan vatandoshlarni birlashtirish va Vatanimizga bo'lgan muhabbat tuyg'usini yana bir bor his qilish imkonini beradi.



  ...